O‘zbekiston Prezidenti Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda keng ko‘lamli xalqaro hamkorlikka chaqirdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning taklifiga binoan 24 iyun kuni “BRIKS plyus” formatidagi Global taraqqiyot masalalari bo‘yicha yuqori darajadagi muloqotda ishtirok etdi.

Xitoy tomoni raisligida o‘tgan onlayn forumda dunyoning 18 mamlakatidan davlat va hukumat rahbarlari qatnashdi. O‘zbekiston va Xitoy yetakchilari bilan bir qatorda Argentina Prezidenti Alberto Fernandes, Indoneziya Prezidenti Joko Vidodo, Janubiy Afrika Respublikasi Prezidenti Siril Ramafosa, Misr Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, Eron Prezidenti Ibrohim Raisiy, Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi, Braziliya vitse-prezidenti Gamilton Mourau, shuningdek, Kambodja, Malayziya, Tailand, Fidji va Efiopiya hukumatlari rahbarlari ishtirok etdi.

Xavfsizlik va barqarorlik borasidagi ko‘p tomonlama hamkorlik, savdo va investitsiyalar, “yashil” iqtisodiyot, yuqori texnologiyalar va innovatsiyalar, raqamlashtirish, transport va logistika, ekologiya, gumanitar sohalarda amaliy sheriklikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston Prezidenti o‘z nutqida “BRIKS plyus” formatidagi muloqotning Barqaror rivojlanish kun tartibini ilgari surishda inklyuziv sheriklik uchun zarur platforma sifatida alohida ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

Bugungi dunyo qator tahlikali jarayonlar bilan kechayotgan chuqur transformatsiya davrida yashayotgani - xalqaro keskinlik tobora kuchayib borayotgani va tizimli iqtisodiy inqiroz belgilari namoyon bo‘layotgani qayd etildi.

Ishtirokchilarning e’tibori “Inson manfaatlari - hamma narsadan ustun” degan tamoyil asosida islohotlarni amalga oshirishni izchil davom ettirayotgan Yangi O‘zbekiston bunday sharoitda keng ko‘lamli hamkorlik, shu jumladan “Janub-Janub” formatidagi sheriklik uchun ochiq ekaniga qaratildi.