O‘zbekiston Prezidenti Koreya Respublikasi parlamenti Spikeri bilan uchrashdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17-dekabr kuni Seul shahrida Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi Spikeri Pak Byon Sok bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Suhbatda O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi alohida strategik sheriklik munosabatlari har tomonlama rivojlanib borayotgani, Prezidentimizning ushbu davlat tashrifi ularga yangi kuchli sur’at bag‘ishlagani mamnuniyat bilan ta’kidlandi. Turli darajalarda, shu jumladan parlamentlararo hamkorlik yo‘nalishida samarali siyosiy muloqot va aloqalar faol davom ettirilmoqda.
O‘zbekiston-Koreya munosabatlarini mustahkamlashda parlamentlararo “do‘stlik guruhlari” muhim o‘rin tutadi. Joriy yil iyun oyida ularning onlayn uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Davlat boshqaruvini isloh qilish, fuqarolik jamiyati, gender masalalari, ta’lim va hududlarni rivojlantirishga doir qonun ijodkorligi masalalarida tajriba almashilmoqda.
Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikni yanada faollashtirish yuzasidan batafsil fikr almashildi.






