O‘zbekiston Prezidenti va YETTB rahbari hamkorlikni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar

Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki rahbari Odil Reno-Basso xonimni qabul qildi.
Mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar dasturini ilgari surishda Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining faol ishtirokini davom ettirishga doir amaliy jihatlar muhokama qilindi.
Bankning mamlakatimizdagi loyihalari portfeli 3 milliard yevroga yetdi, unda xususiy sektorga investitsiyalar ulushi 50 foizgacha oshdi.
Ushbu yetakchi moliyaviy institutning sarmoyalari hajmi bo‘yicha O‘zbekiston ketma-ket ikkinchi yil mintaqada peshqadam bo‘lib turibdi.
YETTBning Andijon va Urganch shaharlaridagi filiallari faoliyat yuritmoqda.
Prezident Odil Reno-Basso davlatimiz rahbarini Toshkent xalqaro investitsiya forumining muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan samimiy qutlab, bank Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi maqsadlariga erishish yo‘lida to‘liq qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini tasdiqladi.
Uchrashuvda sheriklik munosabatlarini kengaytirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni tayyorlashga kelishib olindi.
Davlat korxonalari va baknlarini transformatsiya qilish va xususiylashtirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, “yashil” taraqqiyot, energetika va transport sohalaridagi loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, davlat-xususiy sheriklikning samarali mexanizmlarini, eng avvalo, infratuzilmaviy loyihalarni ilgari surishga joriy qilish, shuningdek, xotin-qizlar va yoshlar tadbirkorligiga oid dasturlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, kelgusi yilda O‘zbekistonda YETTB Boshqaruvchilar kengashining yillik yig‘ilishini o‘tkazishga tayyorgarlikning borishi ko‘rib chiqildi.






