O‘zbekiston Prezidenti Vengriya Bosh vaziri bilan qo‘shma loyihalarning borishini muhokama qildi

Bugun, 14-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.

Suhbat avvalida O‘zbekiston yetakchisi Vengriya Hukumati rahbarini “FIDЕS” – Xristian-demokratik xalq partiyasi koalitsiyasi ushbu mamlakat parlamentiga saylovda g‘alaba qozongani bilan samimiy tabrikladi.

Tomonlar ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi bilan bir-birini tabrikladilar.

Strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari, Vengriya Bosh vazirining o‘tgan yili mart oyidagi O‘zbekistonga tashrifi yakunida erishilgan kelishuvlar ijrosining borishi batafsil muhokama qilindi.

Farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, chorvachilik, oziq-ovqat sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish tarmoqlarida kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish, bank-moliya sohasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi. Bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlar rejasi ko‘rib chiqildi.