O‘zbekiston Prezidenti Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi sammitida ishtirok etdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14 oktabr kuni Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining videoanjuman shaklidagi navbatdan tashqari yig‘ilishida ishtirok etdi.

Tadbir O‘zbekiston 2020 yil dekabr oyida Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi huzuridagi kuzatuvchi davlat maqomini olganidan buyon ushbu integratsiyaviy birlashmaning davlatimiz rahbari ishtirokida o‘tgan uchinchi sammiti bo‘ldi.

Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev raisligida o‘tgan sammitda Armaniston Respublikasi Bosh vaziri Nikol Pashinyan, Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, YEOII huzuridagi kuzatuvchi mamlakat - Kuba Respublikasi Prezidenti Migel Bermudes va Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi Hay’ati raisi Mixail Myasnikovich qatnashdi.

Yig‘ilish kun tartibidan ko‘p tomonlama iqtisodiy sheriklikni yanada mustahkamlash, shuningdek, savdo, sanoat kooperatsiyasi, transport-tranzit salohiyatini rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligi, raqamlashtirish, “yashil” iqtisodiyot va boshqa ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha amaliy hamkorlikni ilgari surish masalalari o‘rin oldi.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida O‘zbekistonning tabiiy savdo va iqtisodiy hamkorlari – YEOII mamlakatlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi.

Prezidentimiz milliy iqtisodiyotlarning barqaror rivojlanishida muhim omil sifatida transport yo‘laklari tarmog‘i va logistika infratuzilmasini takomillashtirish muhim ekaniga e’tibor qaratdi.

O‘zbekiston yetakchisi so‘zining yakunida sammit yakunlari YEOII mamlakatlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik va yaqin sheriklikni ilgari surishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.