O‘zbekiston Qozog‘iston va Tojikiston bilan chegaralarni ochdi

Joriy yilning 16-martidan boshlab O‘zbekistonning Qozog‘iston va Tojikiston bilan o‘tkazish punktlari orqali fuqarolar harakatiga cheklovlar bekor qilindi.
Ma’lumotlarga ko’ra, 15-mart kungi koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan karantin cheklovlarining ayrimlari yumshatilmoqda.
Unga ko‘ra, 2022-yilning 16-martidan emlanganlik sertifikati yoki pasportiga ega chet el fuqarolaridan O‘zbekistonga kirishda PZR-test natijasi talab etilmaydi.
Sertifikat yoki pasporti bo‘lmaganda kamida 72 soat oldin topshirilgan kovidga manfiy PZR-test talab etiladi. Har ikkilasi ham bo‘lmagan taqdirda esa chegara o‘tish punktlarida manfiy natijali ekspress-test ma’lumotnomaga (elektron QR code) ega bo‘lishi shart qilib belgilandi.
Shuningdek, O‘zbekistonning Qozog‘iston va Tojikiston bilan chegarasida joylashgan o‘tkazish punktlari orqali ikki mamlakat fuqarolarining harakatlanishiga doir vaqtincha cheklovlar bekor qilindi. Barcha o‘tkazish punktlari faoliyati qayta tiklanmoqda.
Bundan tashqari, O‘zbekistonga kirish uchun xorijiy fuqarolarga elektron vizani (E-VISA) rasmiylashtirish va berish tizimi faoliyati qayta tiklanadi.






