O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasining AQShga tashrifi

2021-yil dekabr oyida bo‘lib o‘tgan Strategik sheriklik muloqotining ilk uchrashuvi yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlarga muvofiq, joriy yil 6-9-mart kunlari O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov boshchiligidagi delegatsiya Amerika Qo‘shma Shtatlariga tashrif buyurdi.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi rahbari Vashingtonga tashrifi doirasida AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken bilan muzokaralar o‘tkazdi. Vazir A.Kamilov va Davlat kotibi E.Blinken O‘zbekiston-AQSH munosabatlarining bugungi holati va istiqbollari, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlashning dolzarb masalalari, jumladan, qo‘shni Afg‘onistondagi gumanitar vaziyatni ham muhokama qildi. “S5+1” shakli doirasida mintaqaviy hamkorlikning amaliy jihatlariga alohida eʼtibor qaratildi.
O‘zbekiston delegatsiyasi AQSHda bo‘lishi davomida AQSH administratsiyasi vakillari, Kongress aʼzolari, Amerika ishbilarmon va ilmiy doiralari vakillari bilan ham uchrashuv hamda muzokaralar o‘tkazdi.
Shuningdek, AQSH kompaniyalarining respublikadagi islohotlar jarayonlarida ishtirokini kengaytirish masalalari ham muhokama qilindi. Bundan tashqari, joriy yilning 24-26-mart kunlari bo‘lib o‘tadigan birinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi (TXIF) ishida Amerika kompaniyalarining keng ishtiroki bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Xalqaro taʼlim bo‘yicha Amerika kengashi, Jorj Vashington universiteti, Texas A&M universiteti, Kaliforniyadagi Berkli universiteti rahbariyati va ekspertlari bilan muloqotlar uyushtirildi. Uchrashuvlarda mahalliy mutaxassislar salohiyatini mustahkamlash maqsadida ikki davlat o‘rtasida universitetlararo hamkorlikni kengaytirish, akademik va ilmiy almashinuvlarni tashkil etish imkoniyatlari muhokama qilindi.






