O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining onlayn sammitida ishtirok etdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27-may kuni Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining yig‘ilishida tashkilot huzuridagi kuzatuvchi davlat rahbari sifatida ishtirok etdi.
Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov raisligida videoanjuman shaklida o‘tgan tadbirda Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Armaniston Respublikasi Bosh vaziri Nikol Pashinyan, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YEOII) huzuridagi kuzatuvchi mamlakat - Kuba Respublikasi Prezidenti Migel Bermudes va Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi Hay’ati raisi Mixail Myasnikovich ham qatnashdi.
Yig‘ilish kun tartibidan YEOII makonida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish va integratsiya jarayonlarini chuqurlashtirish, shu jumladan iqtisodiyot, savdo, sanoat, transport va boshqa yo‘nalishlarda amaliy sheriklikni mustahkamlash masalalari o‘rin oldi.
O‘zbekiston Prezidenti o‘z nutqining avvalida Qirg‘iziston YEOIIga raislikni faol amalga oshirayotgani, bu tashkilot doirasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilayotganini qayd etdi.
Dunyoda ro‘y berayotgan shiddatli o‘zgarishlar va mamlakatlarimiz barqarorligi uchun jiddiy xatarga aylangan inqirozli hodisalarni qayd etib, O‘zbekiston rahbari birgalikda yechim topishni taqozo etayotgan eng dolzarb vazifalarni ko‘rsatib o‘tdi.
Prezidentimiz O‘zbekiston va YEOII mamlakatlari o‘rtasidagi savdoda texnik to‘siqlarni bartaraf etishni davom ettirish va sertifikatlashtirishni o‘zaro tan olishga chaqirdi. Bu tovarlarning bozorlarimizga kirib borishini ancha soddalashtirishga xizmat qiladi.
Prezidentimiz o‘z nutqining yakunida O‘zbekistonning mamlakatlarimiz barqaror taraqqiyotini ta’minlash va farovonligini yuksaltirish maqsadida Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik va ko‘p qirrali sheriklikni izchil mustahkamlashga intilishi qat’iy ekanini yana bir bor tasdiqladi.






