O‘zbekiston Respublikasi va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasidagi strategik sheriklik muloqoti

2021-yil 13-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov O‘zbekiston bilan AQSh o‘rtasidagi strategik sheriklik muloqotining birinchi majlisida ishtirok etish uchun Toshkent shahriga kelgan Amerika Qo‘shma Shtatlari Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Donald Lu bilan uchrashdi.
2020 yil noyabr oyida Vashingtonda o‘tkazilgan O‘zbekiston-AQSH siyosiy maslahatlashuvlari yakunlari bo‘yicha Qo‘shma bayonot qabul qilindi, unda ikki davlat hukumatlari har yili o‘tkaziladigan muntazam muloqotlar formatini Strategik sheriklik muloqoti darajasiga ko‘tarishga qaror qilingani ma’lum qilindi.
Muzokarada ikki tomonlama hamkorlik, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi. Tomonlarning o‘zaro hurmat va bir-birining manfaatlarini hisobga olish tamoyillariga asoslangan konstruktiv muloqotni faol rivojlantirishga tayyorligi bildirildi.
AQSh tomoni yangi O‘zbekistonda olib borilayotgan demokratik o‘zgarishlar va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar dasturini qo‘llab-quvvatlanishini ma’lum qildi.
AQSh vakili O‘zbekistonning Afg‘oniston xalqiga ko‘maklashish va turli sohalardagi loyihalarni ilgari surish borasidagi sa’y-harakatlariga yuqori baho berdi.
Umuman olganda, O‘zbekiston bilan AQSH o‘rtasida Strategik sheriklik muloqotining boshlangani bugun yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan yangilanish va o‘zgarishlar jarayonida tomonlarning o‘zaro hamkorlikni kengaytirishga, ikki tomonlama munosabatlarda so‘nggi yillarda erishilgan yutuqlarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanidan dalolatdir.






