O‘zbekiston shaxmat bo‘yicha jamoalar o‘rtasidagi JCHda ikkinchi o‘rinni egalladi

Isroilning Quddus shahrida o‘tgan shaxmatning FIDE yo‘nalishi bo‘yicha jamoalar o‘rtasidagi jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi ikkinchi o‘rinni egalladi. Final bahsida o‘zbekistonliklar Xitoylik shaxmatchilar bilan, finalgacha esa Ozarbayjon, AQSh, Ukraina, Hindiston terma jamoasini yengdi, polshaliklar bilan kuch sinashdi.
Musobaqada O‘zbekiston nomidan 20 yoshli Nodirbek Yoqubboyev (rapid bo‘yicha dunyo reytingi — 2563), 16 yoshli Javohir Sindarov (2554), 27 yoshli Jahongir Vohidov (2507), 20 yoshli Shamsiddin Vohidov (2471), 20 yoshli Abdimalik Abdisalimov (2357) va 22 yoshli Ortiq Nig‘matov (2333) qatnashdi. Jamoa yetakchisi Nodirbek Abdusattorov jahon chempionatida ishtirok etmadi.
Final bahsida o‘zbekistonliklar Xitoylik shaxmatchilar bilan kuch sinashdi. Ikkita qismdan iborat bo‘lgan final bahslarida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari raqiblariga 2,5−1,5 va 2,5−1,5 hisoblarida imkoniyatni boy berdi va ikkinchi o‘rinni egalladi. Uchinchi o‘rin Hindistonni mag‘lub etgan Ispaniya terma jamoasiga nasib etdi.
P.S. mazkur chempionatda jami 12 ta jamoa: Xitoy, Fransiya, Niderlandiya, Janubiy Afrika Respublikasi, Ispaniya, Ukraina, O‘zbekiston, Ozarbayjon, Hindiston, Isroil, AQSh va Polsha ikki guruhda ishtirok etdi. Chempionat davra tizimida jamoalar uchun 5 ta davrada o‘tkaziladi.






