O‘zbekiston tarixida jahon chempionligini qo‘lga kiritgan ilk qilichbozimizga davlat mukofoti topshirildi

BAAning Dubay shahrida qilichbozlik bo‘yicha o‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida Vatanimiz sharafini munosib himoya qilgan sportchilarimiz Toshkentga qaytishdi.
Qahramonlarimiz Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida Sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikramov hamda O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi raisi Rustam Shoabdurahmonov tomonidan tantanali kutib olindi. Shundan so‘ng tadbirning ikkinchi qismi MOQda o‘tkazildi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining o‘rinbosari Abdurashid Jo‘raboyev, Sportni rivojlantirish vazirining o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov va Vazir maslahatchisi Avaz Karimov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Qo‘mita raisi o‘rinbosarlari Ravshan Irmatov va Sherzod Tashmatov, sportchilarimiz va ularning yaqinlari, keng jamoatchilik va OAV vakillari ishtirok etdilar.
Dastavval qilichbozlarimizning jahon chempionatida erishgan ulkan g‘alabalari yana bir bor madh etildi. Murosasiz janglarga boy bo‘lgan musobaqada Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlarida yurtimiz sharafini himoya qilgan eng yosh atletimiz, Jahon kubogi g‘olibi Zaynab Dayibekova bronza, Zuhriddin Qodirov esa oltin medalni qo‘lga kiritdi. Ta’kidlash joizki, Zuhriddin Qodirov bu bilan mustaqillik davrida qilichbozlik bo‘yicha jahon chempionligiga sazovor bo‘lgan birinchi sportchimiz bo‘ldi.
Atletlarimizning ushbu muvaffaqiyatlarini Adham Ikramov ham alohida ta’kidlab, erishilgan yuksak natija bilan qilichbozlarimizni qutladi. Shundan so‘ng Zuhriddin Qodirovni “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti bilan taqdirlash to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni Sportni rivojlantirish vaziri tomonidan o‘qib eshittirildi va mukofot o‘z egasiga tantanali ravishda topshirildi.
Davlatimiz sportchilarimizni ushbu musobaqaga yuqori darajada tayyorlagan murabbiylarni ham mukofotlandilar. Terma jamoamiz murabbiyi, uch karra Olimpiya o‘yinlari chempioni Vladimir Nazlimov hamda Yorqin Yo‘ldoshev sportchilarimiz qatori moddiy rag‘batlantirildi. Unga ko‘ra, qayd etgan natijalari uchun sportchilar Z.Qodirov 5 000, Z.Dayibekova 3 000, murabbiylar V.Nazlimov 2 000 va Y.Yo‘ldoshev 1 000 AQSh dollari miqdoridagi bir martalik pul mukofotlari bilan taqdirlanishdi.






