O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakilini qabul qildi

Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bugun Toshkentga Markaziy Osiyo davlatlari va Italiya tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishida ishtirok etish uchun kelgan Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Teri Xakaluni qabul qildi.
TIV xabariga koʻra, uchrashuvda noyabr oyida Yevropa Ittifoqi bilan oʻtkazilgan ikki tomonlama va mintaqalararo muzokaralar natijalari muhokama qilindi. Shuningdek, suhbat davomida tomonlar siyosiy, diplomatik, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish, parlamentlararo aloqalarni kengaytirish hamda Orolboʻyida Yevropa Ittifoqi va unga aʼzo davlatlar bilan qoʻshma yangi ijtimoiy loyihalarni amalga oshirishdan oʻzaro manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.
Uchrashuv davomida, 2022-yilda Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash va barqaror rivojlanish bo‘yicha birinchi vazirlar konferensiyasini O‘zbekistonda o‘tkazish jadvali va tashkiliy jihatlari yuzasidan fikr almashildi.
Muzokaralarda mintaqaviy va xalqaro kun tartibining ayrim masalalari, jumladan, Afgʻonistondagi mavjud vaziyat ham koʻrib chiqildi.






