O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlari mavzusida davra suhbati o’tkazildi

2022-yil 6-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida “O‘zbekiston Respublikasi tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlari” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi tomonidan tashkillashtirildi.
Uchrashuv ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva, O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov, Davlat boshqaruvi akademiyasi rektori Adxam Bekmurodov, BMTning O‘zbekiston Respublikasidagi doimiy koordinatori Roli Astxan va boshqalar so‘zga chiqdilar.
V.Norov o‘z ma’ruzasida bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatning milliy manfaatlarini samarali ilgari surish va zamonaviy xalqaro muammolarga munosib javob qaytarish imkonini beruvchi ochiq, izchil va chuqur o‘ylangan tashqi siyosat yo‘lini amalga oshirayotganini ta’kidladi.
Davlat rahbari tashabbusi bilan “2017-2021-yillarda O'zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi”da belgilangan aniq va uzoq muddatli maqsadlarga erishildi. O‘zbekistonning mintaqaviy va xalqaro maydondagi o‘rni va nufuzini oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Taraqqiyot strategiyasining amalga oshirilishi natijasida O‘zbekistonning qo‘shni mamlakatlar, jahonning yetakchi davlatlari va xalqaro institutlari bilan siyosiy, iqtisodiy va madaniy aloqalari sifat jihatidan yangi, misli ko‘rilmagan jadal bosqichga ko‘tarildi.
Hozirgi sharoitda tashqi siyosiy faoliyat jug’rofiyasini yanada kengaytirish, xorijiy sheriklar, eng avvalo, qo‘shni davlatlar bilan turli darajada va ustuvor yo‘nalishlardagi hamkorlikni faollashtirish, mintaqa va jahonda ro‘y berayotgan o‘zgarishlarni tizimli monitoring qilish, yuzaga kelayotgan tahdidlarga o'z vaqtida va har tomonlama javob berish zarurligi qayd etildi.






