O‘zbekiston va Italiya ot sporti federatsiyalari o’rtasida hamkorlik yo’lga qo’yildi

O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi raisi Bahromjon Gaziyev va Italiya ot sporti federatsiyasi prezidenti Marko Di Paolo o‘rtasida xalqaro miqyosda qo‘shma tashabbuslar dasturini amalga oshirish to'g'risidagi o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Uchrashuvda mamlakatimizning Italiyadagi favqulodda va muxtor elchisi Otabek Akbarov boshchiligida O‘zbekiston elchixonasi vakillari ham ishtirok etdi.
O‘zaro hamkorlik avvalida Italiya tomoni O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi raisi Bahromjon Gaziyev va Bosh kotib Nodirbek Ibragimovdan iborat mamlakatimiz delegatsiyasini 2022-yilning 25-29-may kunlari Siyena shahrida bo‘lib o‘tadigan ot sportining konkur yo‘nalishi bo‘yicha CSIO5* musobaqalarida faxriy mehmon sifatida ishtirok etishga taklif etildi.
Shuningdek, hamyurtlarimiz 2022-yil 15-25-sentyabr kunlari Pratoni del Vivaro shahrida bo‘lib o‘tadigan ot sportining uchkurash yo‘nalishi hamda arava poygalari Jahon chempionatiga ham chaqiruv olishdi.
O‘zbekiston tomoni esa o‘z navbatida Italiya ot sporti federatsiyasi prezidenti Marko Di Paolo, Bosh kotib Simone Perillo hamda konkur bo‘yicha Italiya terma jamoasi sportchilarini ushbu oyda Toshkentda bo‘lib o‘tadigan CSIO1*W musobaqasida qatnashishga taklif qilishdi.
Bundan tashqari O‘zbekiston sportchilari o‘z otlari bilan birga Italiyaning Kampello shaharchasidagi Pratoni Eventing-Raniyeri ot sporti markazida mashg‘ulotlar o‘tkazishi va Italiyada bo‘lib o‘tadigan musobaqalarda ishtirok etishi mumkin. Shuningdek tomonlar Italiya va O‘zbekistonning yirik ot zavodlari bilan o‘zaro hamkorlik qilishga ham kelishib oldilar.






