O‘zbekiston yangi tezyurar poyezdlar sotib olishni rejalashtirmoqda

“Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ maʼlumotlariga ko’ra, O‘zbekiston Ispaniyadan yangi tezyurar poyezdlar sotib olishni rejalashtirmoqda.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi vazifasini bajaruvchi Xusnutdin Xosilov Ispaniyaning “Patentes Talgo” kompaniyasi boshqaruvi raisi S.L.U. Gonsalo Urkixo Fernandes de Araos bilan ikki tomonlama hamkorlikning qator masalalarini, shuningdek, uzoq muddatli va samarali hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.

Xususan, yoʻlovchi tashishni rivojlantirish, yangi temir yoʻl liniyalarini (Buxoro – Urganch – Xiva) elektrlashtirish munosabati bilan kelgusida yangi tezyurar elektr poyezdlarini olish masalasi muhokama qilingani muzokaralarning muhim qismi boʻldi. Ushbu loyiha tender asosida amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, tashrif doirasida Ispaniya delegatsiyasi aʼzolari “Afrosiyob” tezyurar elektr poyezdlariga xizmat koʻrsatish markaziga tashrif buyurishdi.

Eslatib oʻtamiz, soʻnggi 10 yil ichida Oʻzbekiston oltita tezyurar “Afrosiyob” poyezd sotib oldi. Hozirda ushbu modifikatsiyadagi poyezdlar Toshkentdan Samarqand, Jizzax, Navoiy, Buxoro va Qarshi yo‘nalishlarida haraktalanadi. Kelgusi yillarda Buxoro-Xiva temir yoʻlining yangi uchastkasida elektrlashtirish ishlari tugallangach, tezyurar poyezdlar yoʻnalishi Xorazmgacha choʻziladi.