O‘zbekiston – Eron: ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 13-iyul kuni Eron Islom Respublikasi Islomiy Kengash Majlisi raisi Muhammad Bagir Qolibof boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
O‘zbekiston bilan Eron o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni yanada rivojlantirish, shuningdek, mintaqaviy kun tartibining dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Davlatimiz rahbari O‘zbekiston va Eron o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yuqori sur’atda davom ettirish va ustuvor yo‘nalishlarda kengaytirishga xizmat qilayotgan faol muloqotlar va sermahsul almashinuvlarni mamnuniyat bilan qayd etdi.
Islomiy Kengash Majlisi raisi O‘zbekiston yetakchisiga Eron Prezidenti Ibrohim Raisiyning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazib, Eron tomoni do‘st davlatlarimiz o‘rtasidagi keng ko‘lamli munosabatlarni mustahkamlash va amaliy mazmun bilan boyitish borasida qat’iy ekanini ta’kidladi.
Muzokaralarda o‘zaro savdo hajmining oshishi uchun qulay sharoitlarni shakllantirish, transport va logistika sohasidagi qo‘shma loyihalarni ilgari surish, ilmiy-texnik almashinuv dasturlarini amalga oshirish, hududlar va tadbirkorlar o‘rtasidagi aloqalarni faollashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Bundan tashqari, xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlik masalalari, shu jumladan joriy yil sentabr oyida Samarqand shahrida o‘tkaziladigan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitining kun tartibi ko‘rib chiqildi.






