O‘zbekiston – Saudiya Arabistoni: parlamentlararo hamkorlik istiqbollari

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva Saudiya Arabistoni Podshohligining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Yusuf bin Solih al-Utaybiy bilan uchrashdi.
Suhbat avvalida T.Narbayeva Yusuf al-Utaybiyni Saudiya Arabistoni Podshohligining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi lavozimiga tayinlangani hamda mamlakatimizda diplomatik missiyasini boshlagani bilan muborakbod etdi.
Muloqot chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Ikki muqaddas masjid xodimi – Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saudning taklifiga binoan joriy yilning 17-18- avgust kunlari ushbu mamlakatga amalga oshirgan davlat tashrifi ikki tomonlama munosabatlarda hamkorlikni sifat jihatidan yuqori bosqichga ko‘targani alohida taʼkidlandi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalarni yana-da kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Ikki tomonlama munosabatlarning rivojlanishida parlamentlararo aloqalar muhim omil ekani, bu borada mamlakatlarimiz parlamentlarida taʼsis etilgan do‘stlik guruhlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni yana-da faollashtirish va amaliy natijalar bilan boyitish lozimligi taʼkidlandi.
Xususan, o‘zaro tajriba almashish, turli darajadagi delegatsiyalar tashriflarini muntazam tashkil etish, shuningdek, parlamentlardagi qo‘mitalar o‘rtasida aloqalarni yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.






