O‘zbekistonda avtomobillar savdosi rekord darajada ortdi

Ma’lum qilinishicha bir oy davomida avtotransport sotuvlari 41%ga ortgan bo’lsa, mahalliy ishlab chiqarilgan yangi avtomobillar savdosi 58%ga, xorijiy avtomobillar savdosi esa 69%ga o‘sgan.
Noyabr oyida respublika bo‘yicha 159 mingdan ortiq avtotransport vositalari sotildi, bu oktyabr oyiga nisbatan 41% ko‘p.
O‘zbekistonning barcha hududlarida faollikning o‘sishi kuzatildi. Xususan, noyabr oyida sotuvlarning eng katta o‘sishi Toshkent shahrida – 2 baravar, Farg‘ona – 57%ga va Surxondaryo – 47%ga viloyatlarida qayd etildi.
Qayd etilishicha, yil boshidan buyon respublikada avtomobillar savdosi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2 baravar ko‘payib, 1,3 million avtotransport vositasini tashkil etdi.
Shuningdek, noyabr oyida mahalliy brendlarning yangi yengil avtomobillarini sotish 27 mingtani tashkil etdi, oktyabr oyiga nisbatan 58%ga o‘sdi va o‘tgan yilning shu davriga nisbatan sotuvlar 70%ga oshgan.
Bir oy davomida chet elda ishlab chiqarilgan yangi avtomobillarni sotish hajmi 69,6%ga o‘sib, 2,9 mingtaga yetdi, o‘tgan yilga nisbatan esa 2 baravar ortgan.






