O‘zbekistonda biznesingiz uchun qanday sharoit, nima kafolat kerak bo‘lsa, ko‘rib chiqishga tayyormiz

Prezident Shavkat Mirziyoyev 4-mart kuni Islomobod shahrida Pokistonning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tadbirda «Nishat Grupp», «Getz Farma», «Piramid Lojistiks», «Ejaz Grup», «AKD Grup», «Vax Nobel Grupp», «Najib Fayber», «Sapfir Grup» kabi ko‘plab kompaniyalar rahbarlari ishtirok etdi.
Ushbu shirkatlarning umumiy aktivlari 40 milliard dollardan ziyodni tashkil etadi.
Uchrashuvda mamlakatimizda iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida bozor mexanizmlari joriy qilinayotgani, biznes rivojini cheklaydigan to‘siqlar bartaraf etilgani ta’kidlandi. Taraqqiyot strategiyasi asosida xorijiy biznes ishtirokini kengaytirish borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Prezidentimiz so‘zining avvalida Pokiston Bosh vaziri bilan o‘tkazilgan muzokaralar natijalariga to‘xtaldi.
"Tarixiy tashrifimiz davomida ilk bor Imtiyozli savdo bitimini imzoladik. Transport va tranzit sohasidagi hamkorlikni alohida nazoratga olishga kelishib oldik. Asosiy maqsadimiz – mahsulotlarni davlatlarimiz o‘rtasida to‘siqsiz va eng qisqa muddatlarda yetkazib berish tizimini yaratishdan iborat", dedi Shavkat Mirziyoyev.
Bunday e’tibor va sharoitlar o‘zaro aloqalarni faollashtirib, yaqin yillarda tovar ayirboshlash hajmini 500 million dollarga, kelgusi esa 1 milliard dollarga yetkazish uchun mustahkam zamin yaratishiga ishonch bildirildi.
Davlatimiz rahbari Pokiston kompaniyalarini birgalikdagi loyihalarni ko‘paytirishga chaqirdi.
"Bugun sizlarning aniq takliflaringizni eshitmoqchiman. Bu yerda hukumat a’zolari, sanoat tarmoqlari mas’ullari yig‘ilgan. O‘zbekistonda biznesingiz uchun qanday sharoit, nima kafolat kerak bo‘lsa, ko‘rib chiqishga tayyormiz", dedi Prezident.
Prezidentimiz ishbilarmonlarning rejalarini ma’qullab, barcha tashabbus va shartnomalarni o‘z ichiga olgan “yo‘l xaritasi” ishlab chiqish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriq berdi.






