O‘zbekistonda fuqarolarga ayrim yovvoyi yirtqich va zaharli hayvonlarni saqlash taqiqlanishi mumkin

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi “Yovvoyi hayvonlarni saqlash va ulardan foydalanish tartibini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasini muhokamaga qo‘ydi.

Hujjat loyihasiga ko‘ra, O‘zbekistonning qonunchilik hujjatlariga muvofiq:

ommaviy tadbirga hayvonlar bilan kelish (ommaviy tadbir dasturiga muvofiq ulardan foydalanish bundan mustasno) taqiqlanadi;

yovvoyi hayvonlarni (bedanadan tashqari) umumiy mulk hisoblangan ko‘p kvartirali uylar zinapoya maydonchalari, cherdaklari, yerto‘lalari, dahlizlari, shuningdek, umumiy ovqatlanish va savdo joylarida saqlash taqiqlanadi;

yovvoyi hayvonlar egalari zimmasiga ushbu hayvonlarning notinchlik keltirib chiqarmaydigan va atrofdagilarga xavf tug‘dirmaydigan xatti-harakatini ta’minlash, fuqarolarning hayoti, sog‘lig‘i va mulkiga zarar yetkazilishining oldini olish majburiyati yuklatiladi.

2022-yil 1-iyuldan e’tiboran Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan tasdiqlangan ro‘yxatga muvofiq yovvoyi yirtqich va zaharli hayvonlarni saqlash hamda foydalanish taqiqlanadi.

Bunda: ushbu bandning birinchi xatboshisida nazarda tutilgan cheklovlar yovvoyi yirtqich va zaharli hayvonlarni ro‘yxatdan o‘tgan hayvonot bog‘lari, terrariumlar, sirklar, okeanariylar, delfinariylar va tabiiy pitomniklar, shuningdek, ilmiy va o‘quv maqsadlari uchun ilmiy va ta’lim tashkilotlari tomonidan saqlash va foydalanishga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Bundan tashqari, saqlanishi va foydalanishi taqiqlanmagan yovvoyi hayvonlarni saqlash jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan ruxsatnomalarsiz ularni saqlash talablariga rioya etgan holda, shuningdek, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan belgilangan hollarda yovvoyi hayvonlarni saqlash va urchitish bo‘yicha pitomnik, shuningdek, zoologiya kolleksiyalari hisobga qo‘yilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma asosida amalga oshiriladi.