O‘zbekistonning hamkor mamlakatlar bilan ikki va ko‘p tomonlama munosabatlari izchil rivojlantirilmoqda - Abdulaziz Kamilov

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Oliy Majlisi Senati XXIV yalpi majlisida ishtirok etib nutq so’zladi.

O‘zbekistonning hamkor mamlakatlar bilan ikki va ko‘p tomonlama munosabatlari izchil rivojlantirilmoqda.

Hususan, MDH mamlakatlari, Rossiya, Xitoy, AQSh va Yevropa Ittifoqi davlatlari, Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi Janubiy Koreya va Yaponiya mamlakatlari, Janubiy Osiyo mintaqasida esa Hindiston va Pokiston davlatlari, Yaqin Sharq, Amerika, Afrika va Okeaniyadagi sherik davlatlar bilan aloqalar kengaytirilmoqda. 2021 yil davomida xorijiy hamkorlar bilan 1000 ga yaqin turli darajadagi tashrif, uchrashuv, muzokara va taqdimotlar amalga oshirildi.

Xalqaro tashkilotlar doirasida, jumladan BMT, ShHT, MDH, Jahon savdo tashkiloti va Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi, Islom hamkorlik tashkiloti, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti hamda xalqaro moliya institutlari (Jahon banki, Xalqaro valyuta fondi, Osiyo taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilmasiga investitsiya banki, Yevropa taraqqiyot va tiklanish banki, Yevropa investitsiya banki, Islom taraqqiyot banki) bilan amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lami kengaytirilmoqda. Mazkur tashkilotlar doirasida O‘zbekiston tashabbuslarini keng qo‘llab-quvvatlanishi ta’minlanmoqda.

Jumladan, faqatgina BMT va Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotlarining kundalik faoliyati doirasida davlatimiz Rahbarining jami 50 dan ortiq turli sohalarga ta’lluqli xalqaro tashabbuslari yuzasidan 5 ta maxsus Rezolyutsiya va qarorlar qabul qilinib, asosiy hujjat sifatida a’zo davlatlar orasida tarqatildi.
Turkiy davlatlar tashkiloti, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash kabi xalqaro tashkilotlar faoliyatida O‘zbekistonning faol ishtiroki ta’minlanmoqda.

Joriy yildagi asosiy vazifalarimizdan biri ShHT, Turkiy davlatlar va Iqtisodiy hamkorlik tashkilotlarida O‘zbekiston raisligini yuksak darajada o‘tkazish, mazkur tashkilotlarning oliy darajadagi sammitlariga yuqori saviyada va puxta tayyorgarlik ko‘rishdan iborat.