O‘zOSU BMTning Global hamkorlik dasturiga rasman a’zo boʻldi

O‘zbekiston Oziq-ovqat sanoati uyushmasi (O‘zOSU) Birlashgan Millatlar Tashkilotining Global hamkorlik dasturi va BMTning O‘zbekistondagi Barqaror rivojlanish uchun biznes chempionlari koalitsiyasiga qo‘shildi! Tashkilot BMT ning mazkur dasturiga mamlakatimizdan qabul qilingan birinchi rasmiy a’zo boʻldi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Global hamkorlik dasturi dunyo bo’ylab biznes amaliyotlarini ishlab chiqish hamda realizatsiya qilishda yetakchi tashkilotlarga ko’maklashuvchi va ularni birlashtiruvchi loyihadir. Mazkur hamkorlik dasturi tashkilotlarga korporativ barqarorlik, kompaniyaning qiymat tizimi hamda biznes yuritish tamoyillarini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirishda yordam beradi.

Global hamkorlik dasturi o'n tamoyilga asoslangan bo’lib, “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi”, “Xalqaro mehnat tashkilotining asosiy prinsiplari va mehnat huquqlari” to'g'risidagi deklaratsiyasi, “Atrof-muhit va rivojlanish” bo'yicha Rio deklaratsiyasi va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi asosida ishlab chiqilgan hisoblanadi.

BMTning Global hamkorlik dasturiga a’zo tashkilotlar, shu jumladan, endilikda O’zbekiston Oziq-ovqat sanoati uyushmasi ham xalqaro miqyosda e'lon qilingan inson huquqlari himoyasini qo'llab-quvvatlashi va hurmat qilishi, inson huquqlarining buzilishiga qarshi kurashishi, uyushmalar erkinligi hamda jamoaviy muzokaralar o'tkazish huquqining samarali tan olinishiga ko’maklashishi, kasbga nisbatan kamsitishlarni yo’qotish, majburiy mehnatning barcha shakllari hamda bolalar mehnatining samarali bekor qilinishiga hissa qo’shishi, ekologik toza texnologiyalarning rivojlanishi va tarqalishini rag'batlantirishga amaliy yordam berishi lozim sanaladi.

Ma’lumot o’rnida, BMT Global hamkorlik dasturi dunyodagi eng yirik korporativ barqarorlik tashabbusi boʻlib, o’z faoliaytini 2000-yildan boshlagan. Unga 160 dan ortiq mamlakatlarda joylashgan 15 000 dan ziyod kompaniya va 4 000 dan ortiq biznes subyektlari a’zo hisoblanadi.