“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi AQSH brendlari bilan xamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqda

“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi raisi birinchi o‘rinbosari D.Vaxabov AQSH moda sanoati uyushmasi (USFIA) prezidenti Djuliya Xyuz (Julia K. Hughes) bilan uchrashdi.

Ma’lumot uchun: 1989 yilda tashkil etilgan uyushma o‘zida 200 dan ortiq taniqli Amerika moda brendlari, import qiluvchilar va chakana sotuvchilarni birlashtiradi. USFIA a’zolari orasida «LeviStrauss», «Michael Kors», «TommyHilfiger», «Kohl’s», «OldNavy» va boshqa mashhur kompaniyalar bor.

Uchrashuv davomida Cotton Campaign koalitsiyasi tomonidan O‘zbek paxtasiga “boykot” yechilgani e’lon qilinganidan so‘ng, AQSH bozoriga kirish bo‘yicha istiqbolli rejalar va yo‘nalishlar xaqida so‘z bordi. Jumladan, tayyor maxsulotga bo‘lgan talablar va standartlar, WRAP sertifikatini joriy etish bo‘yicha keng suxbat olib borildi. Shuningdek, Las-Vegasda avgust oyida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan “Magic- Business of Fashion” ko‘rgazmasida xamkorlikda ishtirok etish, O‘zbekiston korxonalarining ushbu va keyingi ko‘rgazmalarda ishtiroki shartlari kelishib olindi.

D.Vaxabov tomonidan USFIA uyushmasiga a’zo 200 dan ortiq mashxur brend vakillarini O‘zbekistonga taklif qilib maxalliy korxonalar ishtirokida biznes forum va B2B uchrashuvlar tashkil etish taklifi berildi. USFIA prezidenti Djuliya Xyuz ushbu taklifni qo‘llab-quvvatlagan holda AQSH tomonidan uchrashuv samarali o‘tishi uchun barcha imkoniyatlar ishga solinishini ta’kidladi.