Paralimpiyachilar g‘alabasi – katta jasorat va qahramonlik namunasi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 10 sentabr kuni XVI Paralimpiya o‘yinlarida ishtirok etgan sportchi va murabbiylar bilan uchrashdi.
Tadbirda Milliy paralimpiya qo‘mitasi va sport federatsiyalari rahbarlari, paralimpiyachilarning ota-onalari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ham qatnashdi.
Paralimpiyachilarimiz yuksak matonat va mahorat ko‘rsatib, 8 ta oltin, 5 ta kumush va 6 ta bronza medaliga sazovor bo‘lishdi. Yana bir e’tiborli tomoni, shu 19 ta medalning 11 tasini sportchi qizlarimiz qo‘lga kiritdi.
Umumiy hisobda mamlakatimiz terma jamoasi 160 dan ziyod davlatlar o‘rtasida o‘n oltinchi, Osiyo qit’asi hamda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligida to‘rtinchi, Markaziy Osiyoda esa birinchi o‘rinni egalladi.
Marosimda Prezidentimiz barchani sportchilarimizning ana shu ulkan g‘alabasi bilan muborakbod etdi.
Prezidentimiz erishilgan natijalarni mustahkamlab, yanada ko‘proq yutuqlarni qo‘lga kiritish uchun 2024 yilda Parijda bo‘ladigan Paralimpiya o‘yinlariga hozirdanoq aniq tizim asosida tayyorgarlik ko‘rish zarurligini ta’kidladi. Bu boradagi muhim vazifalar belgilab berildi.
Paralipiyachilarning hayotini, yutuq va zafarlarini keng targ‘ib qilish zarurligi ham aytib o‘tildi.






