Parij 2024 – medallar jamlanmasi dasturi eʼlon qilindi

Xalqaro Paralimpiya qoʻmitasi 2024-yil Parij shahrida boʻladigan XVII yozgi Paralimpiya oʻyinlari uchun medallar jamlanmasi dasturini eʼlon qildi. Unga koʻra, Fransiya poytaxtidagi oʻyinlarda ayollar oʻrtasida 235 ta medallar jamlanmasi oʻynaladi.

Bu Tokio - 2020dan 8 taga koʻp. Bundan tashqari, oʻyinlarda kamida 1859 nafar ayol sportchi ishtirok etadi, bu esa Tokio - 2020dan 77 taga koʻp degani. Parij - 2024da ogʻir turdagi nogironligi boʻlgan sportchilar uchun koʻproq musobaqalar oʻtkaziladi.

Parijdagi Paralimpiya oʻyinlarida jami 4400 nafardan ortiq boʻlmagan sportchi ishtirok etadi va sportning 22 turi boʻyicha 549 medallar jamlanmasi uchun kurash olib boradi. Dzyudo va eshkak eshish boʻyicha ogʻir nogironligi boʻlgan sportchilarga beriladigan medallar soni ham ortadi. Xalqaro Paralimpiya qoʻmitasi barcha beshta jamoaviy sport turlari boʻyicha musobaqa formatini standartlashtirdi. Endi barcha jamoaviy musobaqalarda 8 ta jamoa ishtirok etadi.

Tokiodagi muvaffaqiyatli debyutdan soʻng badminton boʻyicha 16 ta medal jamgʻarmasi boʻladi, bu Tokio - 2020dagidan 2 taga koʻp. Para taekvondo boʻyicha medallar soni 6 tadan 10 taga koʻpayadi, shuningdek, ishtirokchilar soni 66 foizga ortadi.

Bochchada erkaklar va ayollar uchun 4 turdagi, shuningdek, 3 ta aralash dastur boʻladi. Ilgari faqat aralash yoki ochiq musobaqalar oʻtkazilardi. Rio-de-Janeyrodagi oʻyinlarda ilk bor ishtirok etgan para kanoe va para triatlon sport turlari boʻyicha medallar soni mos ravishda 10 va 11 taga oshiriladi.

Para yengil atletika va para suzishda medallar soni mos ravishda 3 va 5 taga kamayadi. Shuningdek ushbu sport turlari boʻyicha ishtirokchilar soni ham qisqaradi. Medallar jamlanmasi Xalqaro Paralimpiya qoʻmitasining Ijroiya kengashi tomonidan Parijdagi Paralimpiya oʻyinlari uchun sportchilar kvotalari maʼqullanganidan keyin rasman tasdiqlanadi.