Parlamentlararo hamkorlik mustahkamlanmoqda

2022-yil 7-fevral kuni Oliy Majlis Senati Raisi, Gender tenglikni taʼminlash masalalari boʼyicha komissiyasi raisi Tanzila Narbayeva mamlakatimizga tashrif buyurgan Turkiya Respublikasi Buyuk millat majlisi Imkoniyatlarda gender tenglik komissiyasi raisi Fatma Аksal boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.

Senat Raisi T. Narbayeva davlatimizda amalga oshirilgan tub siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, shuningdek gender tenglikni taʼminlash borasida amalga oshirilgan ishlarga toʼxtalib, soʼnggi yillarda Oʼzbekiston va Turkiya oʼrtasida barcha sohalarda, shu jumladan, parlamentlar oʼrtasida hamkorlik yangi bosqichga koʼtarilganini taʼkidladi.

Uchrashuvda ikki mamlakat oʼrtasida parlamentlararo hamkorlik holati va istiqbollari muhokama qilindi hamda gender tenglikni taʼminlash va xotin-qizlar manfaatlarini himoya qilish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

F. Аksal mamlakatimiz katta yutuqlarga erishayotganini, davlatlarimiz oʼrtasidagi qardoshlik rishtalari yanada mustahkamlanib borayotganini taʼkidlab, bugun Oʼzbekiston va Turkiya ishonchli strategik hamkor mamlakatlar hisoblanishini qayd etdi.

Mamlakatimizda xotin-qizlar masalalariga eʼtibor kuchaygani, ayollar va erkaklar uchun teng imkoniyatlar yaratilayotgani, mehnat va turmush sharoitlarini yaxshilash, xotin-qizlarga nisbatan zoʼrovonlik holatlarini bartaraf etish, imkoniyati cheklangan shaxslarni qoʼllab-quvvatlash boʼyicha amaliy ishlar olib borilgani hamda 2021-yilda Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari muloqotiga Oʼzbekiston raislik qilgani alohida taʼkidlandi.