Parrandachilik xoʼjaliklariga bugʼdoy sotib olish uchun 400 milliard soʼm revolver kredit ajratiladi

Prezident parrandachilik xoʼjaliklarini yem bilan taʼminlash masalasini toʼliq hal qilish vazifasini qoʼydi.

Buning uchun:

parrandachilik xoʼjaliklariga bugʼdoy sotib olish uchun 400 milliard soʼm revolver kredit ajratiladi;

parrandachilik korxonalarining aylanma mablagʼlarini koʼpaytirish uchun olinadigan tijorat kreditlarga Tadbirkorlik jamgʼarmasidan garov taʼminotining 50 foiziga kafillik berish va 17 foizdan oshgan qismini kompensatsiya qilish tizimi joriy qilinadi;

pandemiya davrida parrandachilik korxonalarining jami 834 milliard soʼm, shundan 2022-yilda 400 milliard soʼm olgan kreditlari muddati uzaytiriladi.

Bu sharoitlardan foydalanib, mutasaddilar viloyat hokimlari bilan birga, parranda goʼshti ishlab chiqarishni yil yakuniga qadar kamida 35 foizga oshirib, 600 ming tonnaga yetkazishi shartligi koʼrsatib oʼtildi.

Parranda mahsulotlari bozorini tahlil qilish va loyihalarni toʼgʼri joylashtirish maqsadida mahsulotlarni ishlab chiqarishdan sotishgacha boʼlgan barcha jarayonlarni raqamlashtirish topshirildi.