Pensiya pullarini plastik kartada oluvchi fuqarolarga 1 foiz qo‘shimcha to‘lov to‘lanadi

Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Davlat pensiyalari, nafaqalar, kompensatsiyalar va boshqa ijtimoiy to‘lovlarni to‘lash tizimini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga ko’ra, joriy yilning 1-mayidan boshlab pensiya va nafaqa pullarini plastik kartada olovchi fuqarolarga 1% qo‘shimcha to‘lov to‘lab beriladi.
Shuningdek, “Xalq banki”ning sayyor kassalari tomonidan pensiya va nafaqalar hamda moddiy yordam pullarini fuqarolarga naqd pulda yetkazib berish xizmatlari uchun 1 foiz miqdorda bankka xizmat haqi to‘lab beriladi.
Ushbu mablag‘lar Pensiya jamg‘armasi, tegishli maqsadli jamg‘armalarning qoldiq mablag‘lari va davlat budjeti hisobidan qoplanadi. Aholi, jumladan pensioner va nafaqaxo‘rlar bunda haq to‘lashi kerak bo‘lmaydi.
Shuningdek, «Xalq banki» zimmasiga sayyor kassalar orqali mahalla fuqarolar yig‘inlariga borgan holda pensiya va nafaqa oluvchilarning kartalaridagi mablag‘larini ularning xohishlariga ko‘ra naqd pulga almashtirib berish vazifasi yuklatiladi.
Bundan tashqari, barcha turdagi davlat pensiyalarini, budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi tomonidan to‘lanadigan nafaqalar, kompensatsiyalar va boshqa to‘lovlarni hamda kam ta’minlangan oilalar uchun bolalar nafaqasi va moddiy yordam pulini bank kartalari orqali oluvchilarga har oylik pensiya va nafaqa pulining 1 foizi miqdorida qo‘shimcha to‘lov joriy etiladi.
Ya’ni pensionerlar kartasiga 1% ortiqcha pul kelib tushadi. Pensioner kartadagi mablag‘ni bankomatdan naqdlashtirib olsa, qo‘shib berilgan 1% yechib olinadi, ya’ni pensionerning bazaviy pensiya miqdori o‘zgarmay qoladi. Kartadagi pensiya naqdlashtirilmasa, qo‘shimcha 1% pensioner ixtiyorida qoldiriladi.






