Pensiya yoshiga yetgani uchun mehnat shartnomasini bekor qilish taqiqlanadi

O’zbekiston Republikasi Prezidenting “Nuroniylarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning turmush darajasini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori imzolandi. Unga ko’ra, xodimning pensiya yoshiga to‘lganligi munosabati bilan u bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilish taqiqlanadi.

Hujjatda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda xodimning pensiya yoshiga to‘lganligi munosabati bilan ish beruvchining tashabbusi bilan mehnat shartnomasini bekor qilishni taqiqlash bo‘yicha qonun loyihasini ishlab chiqish va Vazirlar Mahkamasiga kiritish topshirildi.

Shuningdek, 2022-yil 1-sentabrga qadar xalqaro tajribadan kelib chiqib, mamlakatda faol qarish indeksini joriy etish belgilandi.

Bundan tashqari, Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi ikki oy muddatda «Bir nuroniy o‘n yoshga mas’ul» tamoyili asosida mahallalarda hayotiy va katta amaliy tajribaga ega bo‘lgan obro‘-e’tiborli nuroniylar va ziyolilarni ishsiz, tarbiyasi og‘ir va muammoli yoshlarga biriktirish orqali ularni jamiyat uchun foydali insonlar bo‘lib yetishishlariga ko‘maklashish dasturlarini ishlab chiqadi.

Fuqarolar yig‘inlarida jamoatchilik nazorati yo‘nalishida «Keksalar maslahati» guruhlari faoliyat ko‘rsatadi. Bunda, mahallalarda aholiga ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlar, maktablarda o‘quvchilarning darslarni o‘zlashtirishi, davomati, bandlikka ko‘maklashish markazlari tomonidan fuqarolarni ish bilan ta’minlash darajasi va boshqa davlat xizmatlarining ko‘rsatilishi bo‘yicha nuroniylarning jamoatchilik nazorati o‘rnatiladi.