Pokiston Bosh vaziri samimiy qabul uchun O‘zbekistonga tashakkur izhor etdi

Xabar berganimizdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida ishtirok etish uchun Samarqandga tashrif buyurgan Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharif bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Shahboz Sharif samimiy qabul hamda Pokistondagi suv toshqinlaridan jabrlanganlarga ko‘rsatilgan insonparvarlik yordami uchun O‘zbekistonga tashakkur izhor etdi. Pokiston mamlakatimiz bilan ko‘p qirrali strategik sheriklikni mustahkamlashdan manfaatdor ekanini ta’kidladi.

Yetakchilar ikki tomonlama, eng avvalo, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va transport-tranzit sohasidagi hamkorlik masalalarini batafsil ko‘rib chiqdilar.

O‘zaro savdo ko‘rsatkichlari o‘sib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. O‘tgan yilda ular 47 foizga, joriy yil boshidan yana 10 foizga oshdi. Qo‘shma korxonalar soni 200 taga yetdi.

Transport va logistika sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Transafg‘on temir yo‘li loyihasini tezlashtirish, savdo uchun to‘siqlarni bartaraf etish, tovarlarni o‘zaro yetkazib berish uchun qulay sharoitlar yaratish muhimligi qayd etilib, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar muhokama qilindi.