Pomidor qachondan arzonlashishi aytildi

Aprelning o‘rtalari va mayning boshlarida pomidorning bozordagi narxi barqarorlashadi. Bu haqda Qishloq xo‘jaligida xizmatlar ko‘rsatish agentligi loyiha ofisi rahbari Begzod Salimov maʼlum qildi.
Mutaxassisga koʻra, qishda yaʼni yanvar oyida Oʻzbekistonda kuzatilgan keskin sovuq taʼsirida issiqxonalarada yetishtirilayotgan pomidor hosilining pishib yetilishi va sotuvga chiqishi biroz kechikkan.
Odatda ushbu mavsumda pomidor issiqxonalarda 90 kunda pishib yetilsa, bu yil ushbu muddat 120 kunga cho‘zilgan. Bu esa pomidorning bozorga kam chiqishiga va narxining yuqori bo‘lishiga sabab bo‘lgan.
“Mana hozirda issiqxonalarda pomidor hosillari pishib yetilmoqda. Aprelning o‘rtalari va mayning boshlarida esa issiqxonalardagi pomidorlar g‘arq pishadi. Bu uning bozorlarda ko‘payishiga hamda narxlarning barqarorlashiga olib keladi”, dedi Begzod Salimov.






