Porsche sentabr oyining oxirida IPO o’tkazadi

Volkswagen avtokonserni hashamatli sport avtomobillari ishlab chiqaruvchi Porschening aksiyalarini birlamchi ommaviy joylashtirishni (IPO) rejalashtirmoqda. Qayd etilishicha, kompaniya $70,1 milliarddan $75,1 milliardgacha baholanmoqda.
Shuningdek ma’lum bo’lishicha, Volkswagen Porsche imtiyozli aksiyalarini har bir aksiya uchun 76,50 yevrodan 82,50 yevrogacha bo‘lgan narxda baholaydi. Agar aksiyalarni joylashtirish narx diapazonining yuqori chegarasida amalga oshsa, Germaniya tarixida ikkinchi va Yevropa tarixida uchinchi eng yirik IPO bo'lishi mumkin.
Porsche aksiyalari Frankfurt fond birjasida 29-sentabrdan sotila boshlaydi, deyiladi Volkswagen xabarida.
Listing doirasida Porschening 911 million dona aksiyalari 455,5 million imtiyozli va 455,5 million oddiy aksiyalarga bo‘linadi. IPO davomida 113,8 milliontagacha ovoz berish huquqiga ega boʻlmagan imtiyozli aksiyalar joylashtiriladi. Qatar, Abu-Dabi va Norvegiyaning suveren fondlari hamda T. Rowe Price investitsiya fondi eng yirik investorlar sifatida 3,68 milliard yevrogacha bo‘lgan imtiyozli aksiyalarni sotib olish bo’yicha ariza beradi.






