Prezident «Astrum» IT akademiyasiga tashrif buyurdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Yuqorichirchiq tumanidagi "Astrum" IT akademiyasiga tashrif buyurib, axborot texnologiyalari sohasi mutaxassislari, yosh dasturchilar, IT va kommunikatsiya kompaniyalarining rahbarlari va xodimlari bilan uchrashuv o’tkazmoqda.
“Bugun yangi IT akademiyasiga biz uchun ahamiyati nihoyatda yuqori boʼlgan IT sohasidagi yetuk mutaxassislar va yoshlarimiz bilan uchrashuv oʼtkazish uchun keldim.
Biz bugun birgalikda yechimlarini topadigan masalalar butun Oʼzbekiston yoshlarining IT sohasidagi intilishlariga katta turtki va motivatsiya berishiga ishonaman”, dedi davlatimiz rahbari.
Dunyoda IT xizmatlari shiddat bilan rivojlanmoqda. Jahonda bu sohaning oʼsish surʼatlari yiliga 10 foizni tashkil etib, joriy yilda 4,3 trillion dollarga yetadi.
“Biz ushbu bozorda mustahkam oʼrin egallash borasida katta islohotlarni boshladik. Sohaga soʼnggi besh yilda 2 milliard dollar, shundan 700 million dollar toʼgʼridan-toʼgʼri investitsiyalar yoʼnaltirildi.
Bundan uch yil oldin IT parklar tashkil qilib, ularga alohida soliq rejimini joriy etdik", dedi Prezident.






