Prezident davlat tashrifi bilan Singapurda boʼladi

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Singapur Respublikasi Prezidenti Halima Yaqubning taklifiga binoan 16-18-yanvar kunlari davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda boʼladi.

Tashrif dasturiga muvofiq Singapur Prezidenti Halima Yaqub va mamlakat Bosh vaziri Li Syan Lun bilan oliy darajada uchrashuv va muzokaralar oʼtkazilishi rejalashtirilgan.

Kun tartibidan koʼp qirrali Oʼzbekiston-Singapur munosabatlarini yanada kengaytirish va mustahkamlashning dolzarb masalalari oʼrin olgan.

Savdo-iqtisodiy, investitsiya, innovatsiya va transport-kommunikatsiya sohalarida, shuningdek, davlat boshqaruvi va yuqori malakali kadrlar tayyorlash borasidagi amaliy hamkorlikni chuqurlashtirishga alohida eʼtibor qaratiladi. Ushbu yoʼnalishlarga doir ikki tomonlama hujjatlarning salmoqli toʼplami muzokaralar yakunida imzolash uchun tayyorlanmoqda.

Bundan tashqari, Prezidentimiz Singapurning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuv oʼtkazadi. Tashrif arafasida ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining biznes forumi boʼlib oʼtadi.