Prezident farmoniga binoan charter reyslarni amalga oshiruvchilarga to‘lanadigan subsidiya miqdori kamaytirildi

2022-yil 1-yanvardan 2023-yil 1-yanvarga qadar turizm faoliyati subyektlari va aviatashuvchilarning xorijiy mamlakatlardan O‘zbekistonga charter reyslarini tashkil qilish bo‘yicha turistik faoliyati subyektlari va aviatashuvchilarning xarajatlarini qoplash bo‘yicha davlat budjetidan ajratilgan kompensatsiya miqdori kamaytirildi. Bu Prezident Shavkat Mirziyoyev 15-yanvar kuni imzolagan «Turizm, madaniyat, madaniy meros va sport sohalarini yanada rivojlantirish uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratish to‘g‘risida»gi farmonda aks etgan.

Endilikda kompensatsiya miqdori har bir xorijiy turist uchun, u O‘zbekiston hududida kamida besh kecha tunab qolgan taqdirda — 10 AQSh dollari, qish mavsumida (20-noyabrdan 20-fevralgacha) esa — 25 AQSh dollari miqdorida etib belgilanmoqda.

Kompensatsiya 2020-yilning 1-yanvaridan joriy etilgandi. O‘shanda uning miqdori bir turist uchun 20 dollarni (qishki mavsumda — 50 dollarni) tashkil etgandi. Bu Davlat budjeti va turizmni rivojlantirish Davlat qo‘mitasi huzuridagi Turizm sohasini qo‘llab-quvvatlash budjetdan tashqari jamg‘armasi (endilikda Turizm va sport ishlari vazirligi huzuridagi Turizm va sportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi) hisobidan teng ulushlarda to‘lab kelingan.