Prezident issiqxonalar masalalari bo’yicha topshiriqlar berdi

Issiqxonalarni gaz ta’minotidan uzish holati bo‘yicha tadbirkorlarning noroziligidan xabar topgan Shavkat Mirziyoyev zudlik bilan mazkur masalani ko‘rib chiqishni prezident Administratsiyasi rahbari Sardor Umurzakovga topshirdi.

27 oktabr kechqurun Administratsiya rahbari boshchiligida o‘tgan majlisda issiqxonalarni tabiiy gaz ta’minotidan ogohlantirishsiz uzish holatlari bo‘yicha juda ko‘p e’tirozlar bildirilayotgani, xususan 25 oktabr kuni tadbirkorlar norozilik bildirib, Toshkentda to‘plangani bo‘yicha tegishli mas’ullar qattiq tanqid ostiga olindi.

«Vazirlar Mahkamasi va Qishloq xo‘jaligi vazirligi mutasaddi rahbarlarining ushbu masala bilan umuman shug‘ullanmagani uchun, tadbirkorlarning muammolariga yechim topmagani uchun ular prezident Administratsiyasiga kelishmoqda», - deydi Umirzakov.

Yig‘ilish davomida issiqxona egalari bo‘lgan tadbirkorlar ham tinglandi. Ular o‘zlarini qiynayotgan muammolar, faoliyatidagi og‘riqli masalalar va ular yuzasidan o‘z takliflarini bildirdi.

Ma’lum bo‘lishicha, «Hududgazta’minot» AJ 700 gektardagi 268 ta issiqxonani tabiiy gazdan uzib qo‘ygan. Buning oqibatida 70 ming tonna hosil, 30 million dollarlik eksport yo‘qotilishi, eng asosiysi gazdan uzilgan issiqxonalarda band bo‘lgan 10 mingga yaqin aholi ishsiz qolishi mumkin.

Shuni inobatga olib, Energetika vazirligiga gaz ta’minotidan uzilgan barcha issiqxonalarni 1 kun ichida gaz bilan qayta ta’minlash topshirig‘i berildi.

Yig‘ilishda shuningdek, issiqxonalarni muqobil energiya (ko‘mir)ga o‘tkazish masalasi ham muhokama qilindi.

O‘z navbatida issiqxona yurituvchi tadbirkorlarga o‘z hosillarini nes-nobud qilmasdan yetishtirib olishi uchun zarur sharoitlar yaratish maqsadida 1 kun ichida tegishli manbalardan moliyaviy mablag‘ bilan ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.