Prezident ixcham va samarali davlat boshqaruv tizimiga oʼtishni taklif qildi

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Murojaatnomasi davom etmoqda. Davlatimiz rahbari 2023-yildagi eng ustuvor yoʼnalishlarga toʼxtalib oʼtdi.
Birinchi yoʼnalish sifatida ixcham va samarali davlat boshqaruv tizimiga oʼtishni taklif qildi.
Xususiy tashabbuslarni yanada kengaytirish, ularga yangi istiqbollarni ochish maqsadida endi “qoʼl boshqaruvi”dan aniq natijaga ishlaydigan tizimli boshqaruvga oʼtish vaqti kelgani taʼkidlandi.
Hozirgi kunda davlat apparatida takrorlanish koʼp, keraksiz shtatlar bor. Markazlashuv yuqori. Oqibatda, bugungi murakkab masalalarga toʼgʼri yechim topish uchun ortiqcha vaqt, kuch va resurs sarflanmoqda.
Vazirlarning Hukumat qabul qilayotgan qarorlarda, taʼbir joiz boʼlsa, “ovozi yoʼq”. Yaʼni, ularning ushbu qarorlarni tayyorlash va hayotga joriy qilishdagi ishtiroki va masʼuliyati yetarli emas.
Prezident shuning uchun yangi maʼmuriy islohotlar toʼgʼrisidagi farmonni imzolaganini maʼlum qildi.






