Prezident jarrohlik xizmatini rivojlantirish mavzusidagi taqdimot bilan tanishdi

Taqdimotda akademik V. Vohidov nomidagi tibbiyot xirurgiya markazining ilmiy-tibbiy salohiyati, hududlarda o'tkazilgan so'rov natijalari haqida ma'lumot berildi va transplantologiyani rivojlantirish bo'yicha chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Yurtimizda yiliga o‘rtacha 750 mingta jarrohlik amaliyoti bajariladi. Jahon tibbiyoti yutuqlari o‘rganilib, zarur sharoitlar yaratilayotgani natijasida respublika markazlarida qilinadigan operatsiyalar turi 350 taga, viloyat markazlarida 130 taga, tuman shifoxonalarida 60 taga yetdi. 32 ta shifoxonada zamonaviy endovaskulyar xirurgiya bo‘limlari tashkil etilgan.

Taqdimotda shu borada amalga oshirilayotgan ishlar Sirdaryo viloyati Oqoltin tumanidagi shifoxona misolida ko‘rib chiqildi. U Oqoltin, Sardoba va Mirzaobod tumanlari aholisiga xizmat ko‘rsatadi. Prezidentimiz qaroriga muvofiq, markaz yaqinda 1 million dollarlik asbob-uskunalar bilan jihozlandi. Hozirgi paytda telemeditsina muloqotlari tashkil etilib, shifokorlar malakasi oshirilmoqda.

Davlatimiz rahbari tumanlararo markazlarda qilinadigan jarrohlik amaliyotlari turini 79 taga, viloyat darajasida 168 tagacha yetkazish mumkinligini ta’kidlab, buning uchun zarur sharoit yaratish bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatmalar berdi.

Yurtimizda 500 nafar bemor jigar, 1 ming 500 nafar kishi buyrak transplantatsiyasi amaliyotiga muhtojligini bildirmoqda. Jarrohlik bo‘limlarining jihozlanishi talab darajasida emasligi, malakali mutaxassislar yetishmasligi, immunogenetik tekshiruvlar laboratoriyasi yo‘qligi soha rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Moliya vazirligiga bu maqsadlar uchun zarur mablag‘ ajratish, transplantolog jarrohlarga ish haqini tabaqalashtirilgan tarzda to‘lash tizimini joriy qilish vazifasi qo‘yildi.