Prezident matbuot kotibi TDT sammiti yakunlari bo’yicha brifing o’tkazdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov Samarqandda o’tkazilgan Turkiy Davlatlar Tashkilotining birinchi sammiti yakunlari bo’yicha OAV vakillari uchun brifing o’tkazdi.
Eslatib o’tamiz, TDTga a’zo Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Turkiya va kuzatuvchi Vengriya hamda Turkmaniston yetakchilari ishtirok etgan sammit doirasida 10dan ortiq muhim hujjatlar hamda Turkiy davlatlar tashkilotining 2022-2026-yillarga moʼljallangan Strategiyasi imzolandi. Shuningdek, sammitning asosiy hujjati — Samarqand deklaratsiyasi qabul qilindi. Sermahsul o’tgan tadbir doirasida davlat rahbarlari hamda rasmiy vakillar o’rtasida qator uchrashuvlar o’tkazildi.
Shuningdek, qayd etish joizki Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi endi Turkiy Davlatlar Tashkiloti darajasida ham tashabbus sifatida olib chiqilmoqda.
11-noyabr kuni sammit doirasida tashkilotga a’zo va kuzatuvchi maqomidagi mamlakatlar davlat rahbarlari ishtirokida Registon maydonida ko‘chat ekish tadbiri o‘tkazildi. Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Vengriya va Turkmaniston davlatlari poytaxtlarida ham bir vaqtning o‘zida ko‘chat ekish tadbirlari uyushtirildi.






