Prezident Misr bilan birgalikda Arabshunoslik global forumini tashkil etish tashabbusini bildirdi

Qohiradagi “Al-Ittihodiya” saroyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Misr Arab Respublikasi Prezidenti Abdulfattoh as-Sisining muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Davlat rahbarlari O‘zbekiston-Misr hamkorligini yanada rivojlantirish masalalarini atroflicha muhokama qilib, o‘zaro munosabatlarni keng qamrovli sheriklik darajasiga olib chiqishga kelishib oldilar.
Prezidentlar Misrning “Nazar-2030” strategik rejasi va Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar bir-biriga hamohang ekanini qayd etdilar.
Muzokaralar chog‘ida yetakchilar ikki tomonlama munosabatlar jadal rivojlanib borayotgani, keng siyosiy muloqot faollashgani, BMT, IHT, SHHT va Qo‘shilmaslik harakati kabi xalqaro tashkilotlar doirasida o‘zaro ko‘maklashilayotgani, parlamentlararo aloqalar jadallashgani mamnuniyat bilan qayd etdilar.
O‘zaro investitsiyalar jalb qilish uchun qulay sharoitlar yaratishga kelishib olindi. Ikki mamlakat iqtisodiyotlari bir-birini to‘ldirib turuvchi xususiyatga ega ekanidan kelib chiqib, beshta aniq yo‘nalishda - gaz-kimyo, to‘qimachilik, elektrotexnika, zargarlik va farmatsevtika tarmoqlarida hamkorlik qilish choralari belgilab olindi. Energetika sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, O‘zbekiston va Misrni bog‘lab turgan transport yo‘laklarini rivojlantirish choralari ham muhokama qilindi.
Madaniy-gumanitar va diniy aloqalarni rivojlantirish muhimligi qayd etildi. Arab tili mutaxassislarini tayyorlash sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan kelishuvga erishildi. O‘zbekiston Prezidenti 2024-yilda Arabshunoslik global forumini birgalikda tashkil etish tashabbusini ilgari surdi.
Uchrashuv ochiq, samimiy va do‘stona muhitda o‘tdi. Yakunda Shavkat Mirziyoyev Abdulfattoh as-Sisini mamlakatimizga tashrif bilan kelishni taklif etdi.






