Prezident Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash majlisida ishtirok etdi

Ostona shahrida 50 ga yaqin a’zo mamlakatlar va kuzatuvchilar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar delegatsiyalari ishtirokida Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning navbatdagi sammiti boshlandi.
Kengash majlisida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Ozarbayjon Respublikasi Ilhom Aliyev, Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiy, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharif, Falastin Davlati Prezidenti Mahmud Abbos, Qatar Davlati Amiri Tamim bin Hamad bin Xalifa Al Taniy, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an, Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko, shuningdek, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi o‘rinbosari Van Sishan, Vetnam Sotsialistik Respublikasi vitse-prezidenti Vo Txi An Suan ishtirok etdi.
Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash (OHICHK) – xavfsizlik va barqarorlik sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, savdo va iqtisodiy sheriklik, atrof-muhitni muhofaza qilish borasidagi aloqalarni faollashtirishga qaratilgan xalqaro forum. Joriy yilda ushbu forumni yaratish tashabbusiga 30 yil to‘ldi.
Bugungi kunda OHICHKda 28 ta davlat ishtirok etmoqda. Yana 9 ta mamlakat va 5 ta xalqaro tashkilot kuzatuvchilar maqomiga ega. OHICHKning oliy organi Davlat va hukumatlar rahbarlarining sammiti hisoblanadi. 2020-2022-yillarda OHICHKda Qozog‘iston raislik qilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev sammitdagi nutqida dunyodagi vaziyatga baho berar ekan, xalqaro munosabatlarda noaniqlik tobora o‘sib, muloqot va ishonch misli ko‘rilmagan darajada taqchil bo‘lib borayotganini qayd etdi.
Shuningdek, sammitda kengashga a’zo davlatlar, kuzatuvchi mamlakatlar va xalqaro tashkilotlar delegatsiyalari rahbarlari ham so‘zga chiqdi. BMT Bosh kotibining videomurojaati namoyish etildi.






