Prezident O‘zbekiston turizm brendining global PR‘ini tashkillashtirishni topshirdi

Prezident bu yil O'zbekistonning boy madaniyati va turistik salohiyatini jahonga targ‘ib qilish yili bo‘lishi kerakligini ta’kidlab, buning uchun 100 milliard so‘m ajratilishini ma'lum qildi.
Shavkat Mirziyoyev “O‘zbekiston tashrif qog‘ozi”ni ishlab chiqib, turizm brendini yangilash, xorijiy telekanallarda “O‘zbekiston tashrif qog‘ozi”ni efirga uzatish, AQSH, Xitoy, Arab davlatlari, Yaponiya, Koreya, Fransiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Malayziya, Rossiya, Qozog‘iston kabi mamlakatlarning yirik shaharlari gavjum ko‘chalaridagi ekranlarda “O‘zbekiston turizm brendi” haqidagi ma’lumotlarni joylashtirish, milliardlik obunachilari bor internet platformalarida O‘zbekiston haqidagi reklama roliklarini ko‘paytirish topshirdi.
Qayd etilishicha, O'zbekistonda hozirgi turizm mavsumi qisqa, ammo uni uzaytirish bo‘yicha salohiyat juda katta. Toshkent, Jizzax viloyatlarida qishki mavsumda – tog‘ga chiqish, chang‘i uchish maydonlarini, Andijon, Samarqand, Qashqadaryo, Navoiy viloyatlari va Toshkent shahrida yozgi mavsumda – cho‘milish maskanlarini tashkil etib, turistik mavsumga yana ikki oy qo‘shish mumkin.
Buning uchun festival va madaniyat tadbirlarini ko‘paytirish, qishki, ekologik turizmni rivojlantirish, qo‘riqxona, tabiat bog‘lari va tabiat yodgorliklari imkoniyatidan foydalanish bo‘yicha topshiriqlar berildi.






