Prezident O’zbekiston Vazirlar Mahkamasiga maxsus topshiriq berdi

Davlatimiz rahbari Vazirlar Mahkamasiga Oʼzbekistonning asosiy savdo hamkorlari boʼlgan ayrim mamlakatlarda yuzaga kelayotgan vaziyatni hisobga olgan holda, vujudga kelishi mumkin boʼlgan barcha salbiy ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarni yumshatish boʼyicha respublikamizning har bir tarmogʼi va hududi kesimida aniq chora-tadbirlarning batafsil Rejasini ishlab chiqishga topshiriq berdi.

Moliya tizimining barqarorligi, korxonalarning uzluksiz ishlashi va rejalashtirilgan investitsiya loyihalari oʼz vaqtida amalga oshirilishini taʼminlash vazifalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Tarmoq va hududlar rahbarlari oldiga transport-logistika tarmogʼining ishonchli faoliyatini taʼminlash boʼyicha qoʼshimcha chora-tadbirlar koʼrish, bunda eksport geografiyasi yanada diversifikatsiya qilinishini ham hisobga olish vazifasi qoʼyildi.

Viloyatlar hokimlariga aholini ijtimoiy himoya qilish ishlarini kuchaytirish, yangi ish oʼrinlari yaratish va ishsiz aholi bandligini taʼminlashni jadallashtirish, shuningdek, inflyatsiya darajasini doimiy monitoring qilish va isteʼmol bozorida narxlarning keskin tebranishlariga yoʼl qoʼymaslik boʼyicha avvaldan chora koʼrish zarurligi alohida koʼrsatib oʼtildi.