Prezident rivojlanayotgan mamlakatlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tashabbuslarni ilgari surdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12-yanvar kuni Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modi raisligida onlayn shaklda o‘tkazilgan “Global Janub ovozi” sammiti yalpi majlisida nutq so‘zladi.

Hindistonning “Katta yigirmatalik”ka (G20) raisligi doirasida tashkil etilgan tadbirda Vetnam Respublikasi Prezidenti Nguyen Suan Fuk, Gayana Respublikasi Prezidenti Muhammad Irfon Ali, Mozambik Respublikasi Prezidenti Filipe Nyusi, Senegal Respublikasi Prezidenti Maki Sall, Bangladesh Xalq Respublikasi Bosh vaziri Shayx Xasina, Mo‘g‘uliston Bosh vaziri Luvsannamsrayn Oyuun-Erdene, Tailand Qirolligi Bosh vaziri Prayut Chan Ocha, Kambodja Qirolligi Bosh vaziri Xun Sen va Papua - Yangi Gvineya Mustaqil Davlati Bosh vaziri Jeyms Marape qatnashdi.

Kun tartibiga muvofiq, inson manfaatlariga yo‘naltirilgan barqaror rivojlanish masalalari muhokama qilindi, rivojlanayotgan mamlakatlarning manfaatlarini ilgari surish va dolzarb muammolarini hal qilish maqsadida, shu jumladan iqtisodiyot, ekologiya, energetika va oziq-ovqat xavfsizligi, sog‘liqni saqlash, inson resurslarini rivojlantirish, innovatsiyalar, turizm va boshqa yo‘nalishlardagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni chuqurlashtirish yuzasidan fikr va aniq takliflar almashildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugungi xalqaro vaziyatda kuzatilayotgan dolzarb tendensiyalarga baho berib, rivojlanayotgan mamlakatlar oldida turgan asosiy ustuvor vazifalar borasida fikr bildirdi.

O‘zbekiston yetakchisi qayd etganidek, koronavirus pandemiyasi, oziq-ovqat va energetika xavfsizligi masalalari hamda ekologik muammolar global taraqqiyotning istiqbollariga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Hindistonning rivojlanayotgan mamlakatlar bilan o‘zaro manfaatli va samarali aloqalarni mustahkamlashdagi faol o‘rni va roli alohida ta’kidlandi.

Shu ma’noda, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi strategik sheriklik va amaliy hamkorlik munosabatlari sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilgani va xalqlarimizning umumiy manfaatlariga xizmat qilayotgani qayd etildi.

Prezidentimiz O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ortga qaytmas islohotlarning markazida inson manfaatlarini ta’minlash eng ustuvor maqsad va vazifa etib belgilanganini alohida ta’kidladi.

"Taraqqiyot strategiyamizning asosiy mazmuni – qonun ustuvorligi va inson kapitalini rivojlantirish, adolatli va kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etishdan iboratdir. Biz o‘z oldimizga yaqin kelajakda inklyuziv va barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, mamlakatda kambag‘allikni ikki barobarga qisqartirish kabi katta rejani qo‘yganmiz", - dedi davlatimiz rahbari.

Shuningdek, global miqyosda tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash maqsadida davlatimiz rahbari O‘zbekiston ilgari surayotgan Afg‘oniston muammosini hal etish bo‘yicha xalqaro muloqot guruhini shakllantirish taklifini qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.

Onlayn-sammitda bildirilgan taklif va tashabbuslar rivojlanayotgan mamlakatlarning manfaatlarini ilgari surishga, inson manfaatiga yo‘naltirilgan Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.

So‘zining yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti do‘st Hindiston xalqini yaqinlashib kelayotgan milliy bayram – Respublika kuni bilan samimiy tabrikladi.