Prezident: Salohiyatni loyihaga, loyihani ish o‘rinlariga aylantirish kerak

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatini iqtisodiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.
Tadbir boshida 6 ta yangi korxonani ishga tushirish marosimi bo‘ldi. Qarshi tumanidagi “Omad start”, Qarshi shahridagi “Kitob ip yigiruv”, Dehqonobod tumanidagi “Baxt tekstil”, Shahrisabz shahridagi “Oqsaroy tekstil” va “Pit-stop” korxonalari hamda mebel fabrikasi vakillari videoaloqa orqali majmualar salohiyati haqida axborot berdi.
Davlatimiz rahbari ramziy tugmani bosib, yangi korxonalarni rasman ishga tushirdi. Yig‘ilishda, avvalo, viloyatda energiya ta’minotini yaxshilash choralari ko‘rsatib o‘tildi.
Yig‘ilishdagi asosiy masala sanoatni rivojlantirish, tadbirkorlik va kasanachilikni qo‘llab-quvvatlashga oid bo‘ldi.
Davlatimiz rahbari bandlik masalasiga alohida e’tibor qaratib, bu boradagi imkoniyatlarni ko‘rsatib o‘tdi.
Mahallalardagi bandlik va ijtimoiy masalalarni hal qilishda klasterlar faol bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi.
Sanoat zonalarida bo‘sh turgan maydonlarda 50 ta loyihani amalga oshirib, 2 mingta ish o‘rni yaratish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Shuningdek, joylardagi “o‘sish nuqtalari”ga tadbirkorlarni jalb qilib, qo‘llab-quvvatlash zarurligi ta’kidlandi.
"Har bir tumanda salohiyatni loyihaga, loyihani ish o‘rinlariga aylantirish kerak", - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Qayd etilganidek, Shahrisabz, Kitob, Qamashi va Yakkabog‘ tumanlari turizm salohiyatining yarmi ham ishga solinmagan. Buning uchun “Shahrisabz – Qarshi – Samarqand” yo‘nalishiga elektr poyezdi qo‘yib, yo‘lovchi oqimini oshirish vazifasi qo‘yildi. Bu turizm, savdo va servis rivojiga qo‘shimcha turtki bo‘ladi.
Yig‘ilishda viloyat va tuman hokimlari, oqsoqollar, ziyolilar, tadbirkorlar o‘z takliflarini bildirdi.
Shuning bilan Prezident Shavkat Mirziyoyevning Qashqadaryoga safari nihoyasiga yetdi.






