Prezident ta`lim sohasida 4 ta ustuvor vazifani belgilab berdi

16-iyun kuni Shavkat Mirziyoyev boshchiligida oliy ta'lim tizimining ustuvor vazifalariga bag'ishlangan videoselektor majlisi bo'lib o'tdi, deb xabar beradi president.uz matbuot-xizmati.

Xabarda aytilishicha, Oliy va O'rta maxsus ta'lim vazirligi va rektorlar ta'lim sifatini rivojlantirish masalasiga yetarlicha e'tibor bermaydilar. Masalan, bugungi 815 ta yo'nalishning 55 foizi mehnat bozori talablariga javob bermaydi.

Shu sababdan, mamlakatimiz rahbari ta'limni rivojlantirishning 4 ta ustuvor vazifalarini ko'rsatib o'tdi:

• Oliy ta’lim muassasalari boshqaruv kengashlarining rolini oshirish va kafedralar vakolatlarini kengaytirish;

• O‘quv jarayonini bozor talablariga moslashtirib, ishlab chiqarish bilan uzviyligini ta’minlash va talabaning o‘z ustida ishlashi uchun muhit yaratish;

• Oliy ta’lim muassasalarining ilmiy salohiyatini oshirish, ilm-fan va innovatsiyani rivojlantirish;

• Professor-o‘qituvchilar va talabalar uchun qog‘ozbozlikni kamaytirish, sohani raqamlashtirish orqali byurokratiya va korrupsiyani keskin qisqartirish.

Ta'kidlash kerakki, mamlakatimizda kadrlar tayyorlash malakasini oshirish maqsadida ta'lim sohasida keng ko'lamli ishlar olib borilmoqda. Masalan, so'nggi 3 yil ichida universitetlar soni 65 dan 117 gacha yetdi va qabullar soni 66 dan 181 gacha oshdi. Shuningdek, professor-o'qituvchilarning o'rtacha maoshi 3,5 baravarga oshirildi.