Prezident topshiriqlarini bajarmagan davlat xizmatchilari intizomiy javobgarlikka tortildi

O‘zbekistonda ijro intizomi bo‘yicha elektron tizim joriy etilgan. Tizimni boshqaruvchi Adliya vazirligining ma’lum qilishicha, 2022-yilning 6 oyi davomida respublika bo‘yicha 12 nafar davlat xizmatchisi qonunlar va Prezident hujjatlari talablarini bajarmagani uchun intizomiy jazoga tortilgan, ulardan 5 nafari lavozimidan ozod etilgan.
Bugungi kunda barcha davlat organlari va tashkilotlarida prezident hujjatlari ijrosini nazorat qilish, nazorat kartotekalarini yuritish va hisobotlarni shakllantirish Ijro.gov.uz tizimida amalga oshirilmoqda.
Adliya vazirligi Prezident hujjatlari ijrosini nazorat qilish boshqarmasi boshlig‘i No‘mon Muhammadiyevning aytishicha, 2022-yilning birinchi yarmida 313 ta hujjat (shundan 36 tasi qonun, 46 tasi farmon, 172 tasi qaror, 9 tasi farmoyish va 50 tasi bayon)dagi 16 599 ta topshiriq Ijro.gov.uz tizimida ro‘yxatga olinib, ijroga qaratilgan.
“Joriy yilning 6 oyida ijro intizomi buzilishiga yo‘l qo‘ygan jami 12 nafar xodim intizomiy javobgarlikka tortildi. Shundan 5 nafari egallab turgan lavozimidan ozod qilingan bo‘lsa, 6 nafari hayfsan, 1 nafariga esa jarima qo‘llandi”, dedi No‘mon Muhammadiyev 27-iyul kungi matbuot anjumanida.
Adliya mulozimining qo‘shimcha qilishicha, davlat rahbarining 15 ta sohadagi topshiriqlari ijrosi ichki ish rejalarga asosan monitoring va tahlil qilinib, natijasi bo‘yicha Prezident administratsiyasiga tahliliy axborot hamda ma’lumotlar kiritilgan.






