Prezident Toshkentda bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi

Prezident Sergeli tumani, Yangihayot tumani va Chirchiq daryosi yaqinidagi turar-joy majmualariga tashrif buyurdi.

Sergeli tumani

Hozirgi kunda Sergeli tumanidan shahar markaziga kelib-ketadigan avtomobillar asosan bitta yo‘l – Yangi Sergeli ko‘chasi orqali harakatlanmoqda. Shu bois unda qatnov juda ko‘p, tirbandlik katta. 6 qatorli yangi ko‘prik va yo‘l soatiga 12 mingtagacha avtotransportni o‘tkazish quvatiga ega bo‘ladi. Natijada Sergeli tumaniga transport qatnovi tirbandligi 50 foizga, harakat vaqti 20-25 daqiqaga kamayadi. Prezident ushbu ishlar bilan tanishib, ularni ma'qulladi.

Poytaxtning Yangihayot tumanidagi "Dentafill Plyus" MChJ kompaniyasi

Korxonada 20 dan ortiq farmakologik guruhga mansub 172 dan ziyod dori vositasi va tibbiyot buyumlari ishlab chiqarilmoqda. Har yili 60 milliondan ortiq dori-darmon ishlab chiqariladi va ularning 25 million dona dori vositalari boshqa mamlakatlarga eksport qilinadi. Prezident korxona faoliyati bilan tanishdi.

Sergeli tumanidagi Saxovat mahallasi

Ilgari bu mahalla e’tibordan chetda qolgan edi. Joriy yilda “Obod mahalla” dasturi doirasida hudud to‘liq obodonlashtirilib, yangidan chiroy ochdi. Mahalla guzari, Saxovat bog‘i, savdo do‘konlari barpo etildi. Yo‘laklar tartibga keltirilib, bolalar o‘yingohlari, avtoturargoh tashkil qilindi. Shuningdek, Ishsiz ayollar va yoshlar bandligini ta’minlash maqsadida qiymati 5 milliard so‘mlik loyiha amalga oshirilmoqda.

Chirchiq daryosi yaqinidagi turar-joy majmualari

Daryoning Toshkent shahridan o‘tgan qismi 16 kilometrni tashkil etadi. Ushbu masofada o‘zanni qisqartirib, turli infratuzilma ob’yektlari barpo etish rejalashtirilgan.

Ushbu loyiha 4 bosqichni o'z ichiga oladi:
1-bosqichda Ohangaron va Bektemir ko‘chalari oralig‘idagi 5 kilometr tartibga keltiriladi. Natijada 34 gektardan ortiq maydon paydo bo'ladi.
2-bosqichda yana 5 kilometr tartibga keltiriladi.
3, 4-bosqichlarida 3 kilometrdan daryo o‘zani tartibga keltiriladi.

Umuman, bu ishlar natijasida 210 gektar qo‘shimcha yer ochiladi. Bu hudud ko‘kalamzorlashtirilib, dam olish maskanlari, sayr yo‘laklari va mahalliy avtomobil yo‘llari barpo etiladi. Shuningdek, zamonaviy uy-joylar, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish inshootlari qurilishi rejalashtirilgan.

Barcha ishlar bilan tanishganidan so'ng Prezident vaziyatni quyidagicha baholadi:

— Bu yil jonajon O‘zbekistonimiz mustaqilligining 30 yilligini nishonlaymiz. Bu bayramni ko‘tarinki ruh bilan, ulkan natijalar bilan kutib olishimiz kerak. Xalqimizni rozi qilish uchun yangi qirralarni, yangi imkoniyatlarni topishimiz zarur.