Prezidentimiz Yevropa Ittifoqini «yashil» taraqqiyot sohasidagi hamkorlikni faollashtirishga chaqirdi

Prezidentimiz Yevropa Ittifoqini "yashil" taraqqiyot sohasidagi hamkorlikni faollashtirishga, bunda alohida eʼtiborni eko-innovatsiyalar, energiya samarador va resurs tejamkor texnologiyalarni keng joriy etish, iqtisodiyot tarmoqlarini raqamlashtirish, “Smart-AKIS” Yevropa tarmogʼi yordamida «aqlli» qishloq xoʼjaligini rivojlantirishga qaratishga chaqirdi.

“Erasmus+” va “Yevropa gorizonti” dasturlari doirasida taʼlim boʼyicha Yevropaning ilgʼor metodikalarini joriy etish loyihasini amalga oshirish, qoʼshma fundamental va amaliy tadqiqotlarni oʼtkazish taklif qilindi.

Noyabr oyining ikkinchi yarmida Parijning Luvr muzeyida mintaqamiz xalqlarining madaniyatiga bagʼishlangan yirik koʼrgazma tashkil etish rejalashtirilgan. Bunday tadbirlarni har yili Yevropa davlatlarining poytaxtlarida va madaniyat markazlarida hamkorlikda oʼtkazib borish tashabbusi ilgari surildi.

Davlatimiz rahbari mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlash borasidagi amaliy hamkorlikni kuchaytirish muhimligini taʼkidladi.

Аfgʼonistonga koʼmaklashish masalasida butun xalqaro hamjamiyatning muvofiqlashtirilgan harakati va haqiqiy koʼmagi zarurligi koʼrsatib oʼtildi.

Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo boʼyicha yangilangan strategiyasi qabul qilingan vaqtdan buyon uch yil oʼtdi. Аfsuski, pandemiya sababli koʼpgina tadbirlar va masalalar toʼliq amalga oshirilmay qolgani taʼkidlandi.

Shu munosabat bilan Prezidentimiz strategiyaning bajarilishini jadallashtirish va hamkorlikni mustahkamlash maqsadida koʼp tomonlama dasturiy hujjat – “Yoʼl xaritasi”ni qabul qilish imkoniyatini koʼrib chiqishni taklif qildi.

Soʼzining yakunida Oʼzbekiston yetakchisi mamlakatlarimiz barqaror taraqqiyoti, ravnaq va farovonligi yoʼlida “Markaziy Osiyo - Yevropa Ittifoqi” formatidagi ochiq, tizimli va sermahsul muloqot tarafdori ekanini taʼkidladi.