Prezidentlar tashrifning samarali natijalaridan mamnunligini bildirdilar

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov muzokaralardan so‘ng ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifing o‘tkazdilar. Davlatimiz rahbari Qirg‘iziston Prezidenti va xalqini har doimgidek samimiy va iliq qabul uchun minnatdorlik bildirdi.

“Davlat tashrifimiz O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining o‘ttiz yilligida o‘tayotgani ramziy ma’noga ega”, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekiston rahbari ishonch va konstruktiv muloqot ruhida o‘tgan oliy darajadagi uchrashuvlar natijalarini yuksak baholadi. Tomonlar ko‘p qirrali hamkorlikning muhim yo‘nalishlarini batafsil muhokama qilib, uni chuqurlashtirish bo‘yicha aniq qarorlar qabul qilganlarini ta’kidladi.

Muzokaralar yakunida qabul qilingan muhim hujjatlardan biri Keng qamrovli strategik sheriklik to‘g‘risidagi deklaratsiya bo‘ldi. Bu, davlatimiz rahbari qayd etganidek, mamlakatlarimiz va xalqlarimiz manfaatlari yo‘lidagi ko‘p qirrali hamkorlik rivojida yangi davrning boshlanishidir.

Ikki mamlakat hukumatlari oldiga tovar ayirboshlashni, shu jumladan importning o‘rnini faol to‘ldirish va savdo markazlarini tashkil etish orqali ikki milliard dollarga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

Tomonlar ikki mamlakat korxonalari va sarmoyadorlari ishtirokida energetika va kon tarmoqlarida, shu jumladan ko‘mir sanoatida yirik infratuzilmaviy loyihalarning amalga oshirilishidan manfaatdor.

Bu boradagi ishlarni tizimli asosda tashkil etish uchun O‘zbekiston-Qirg‘iziston taraqqiyot fondi kengaytiriladi, Strategik savdo-iqtisodiy sheriklik bo‘yicha 2023-2025 yillarga mo‘ljallangan kompleks dastur hamda Sanoatning ustuvor yo‘nalishlarini rivojlantirish to‘g‘risida bitim qabul qilindi.

Muzokaralarda hududlararo aloqalarni faollashtirishga alohida e’tibor qaratildi. Chegaraoldi viloyatlar rahbarlari kengashining yig‘ilishlarini muntazam o‘tkazib borish mazkur aloqalarning kengayishiga xizmat qiladi.

“Boshqa hech bir mamlakat bilan bunday noyob muloqot maydoniga o‘xshashi yo‘q”, - dedi Shavkat Mirziyoyev.